«Arxivshunoslik» darsligi taqdimoti

 O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan Tarix bakalavriat yo‘nalishi uchun “Arxivshunoslik” darsligi tayyorlandi va nashr qilindi.

20 dekabr kuni o‘tkazilgan kitob taqdimotida Markaz direktori, professor Mirzohid Rahimov mazkur darslik yozilishida arxiv sohasi bo‘yicha faoliyat olib borayotgan tajribali va yetakchi mutaxassislar, olimlar hamda pedagoglar qatnashishi fan-ta’lim va amaliyot integratsiyasining bir ko‘rinishi ekanligini ta’kidladi. Mualliflar  arxivshunoslik bo‘yicha yangi o‘quv adabiyotlariga mavjud ehtiyoj sharoitida bunday darslik yaratilishi ayni muddao bo‘lganligini qayd etib, minnatdorchilik bildirishdi.

Tadbir davomida darslik mualliflariga, uning ilmiy-metodik tahririni amalga oshirgan mutaxassislarga kitob hadya etildi.