Belarusga ilmiy stajirovka

Markaz direktor o‘rinbosari K.K.Sagdullayev O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tavsiyasi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Belarus Respublikasining Respublika oliy maktab institutiga 2019 yilning 22 iyulidan 5 avgustiga qadar ilmiy stajirovkaga yuborildi.

Stajirovka “Belarus va O‘zbekiston hududlari forumi” doirasida “Belarus Respublikasida ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy holati va istiqbollari” mavzusida tashkil etildi. Stajirovka davomida ishtirokchilar Belarus Milliy Fanlar akademiyasi, Belarus davlat universiteti, Belarus Milliy texnika universiteti hamda uning “Politexnik” ilmiy texnoparki, Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti hamda uning Minsk radiotexnika kolleji, Belarus davlat agrar-texnika universiteti, Belarus davlat texnologik universiteti, Polotsk davlat universiteti, Brest davlat texnika universiteti, Respublika professional ta’lim instituti, Yuqori texnologiyalar parki, “Ulug‘ tosh” Xitoy-Belarus sanoat parki, Brest ilmiy texnologiya parki, “BELAZ” OAJ, Minsk traktor zavodi kabi muassasalarga borishib, ularning ilmiy-innovatsion faoliyatlariga oid ma’ruzalarini eshitishdi. Ular Forum doirasidagi “Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hududlarini gumanitar, axborot-kommunikatsiya va ilmiy sohalardagi hamkorligini rivojlantirish masalalari” sho‘’basida, Minsk shahrida Alisher Navoiy byusti ochilishida ishtirok etishdi. Shuningdek, dastur doirasida Belarus Milliy kutubxonasi hamda Brest qal’asiga tashriflar uyushtirildi.

Ilmiy stajirovka davomida K.Sagdullayev Belarus Ulug‘ Vatan urushi tarixi davlat muzeyi, Yakub Kolas adabiy-xotira muzeyi, P.Brovki nomidagi Belarus ensiklopediyasi nashriyoti, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Markaziy ilmiy kutubxonasiga ham bordi.

Partizanlik harakatining “Uchqun” otryadi qo‘porovchilik guruhi rahbari G‘anitoy Toshniyozovning (1919-1944) qabri ziyorat qilindi.