“Umumta’lim muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusida respublika amaliy seminari

     2015-yilning 13-oktyabrida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz bilan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Xalq ta’limi vazirligining Respublika ta’lim markazi hamkorlikda “Umumta’lim muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusida amaliy seminarni o‘tkazdi. Seminarda Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazi, Toshkent shahar hamda Toshkent viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti (XTXQTMOI) xodimlari, Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan tarix fani o‘qituvchilari qatnashdi.
     Mazkur seminar umumta’lim muassasalarida O‘zbekiston tarixi va eng yangi tarixini yuqori saviyada o‘qitish masalalarini muhokama qilish va takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Globallashuv sharoitida mafkuraviy immunitetni shakllantirishda tarix va moddiy-ma’naviy merosning, umumbashariy va milliy qadriyatlarning, milliy o‘zlikni anglashning muhim ahamiyatga ega ekanligi seminarning dolzarbligini belgilaydi.
    Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari A.A.Mavrulov seminar ochilishida Prezident Islom Karimovni “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab, mustaqillikning qadr-qimmatini anglab yetish va uni o‘quvchi yoshlar ongiga singdirish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
   O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori Z.A.Saidboboyev o‘z so‘zida Markaz faoliyati va uning tarkibiy tuzilishi, Respublika ta’lim markazi bilan umumta’lim maktablari o‘quv darsliklarini yaratish, takomillashtirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilib kelinayotgani haqida ma’lumot berdi. Respublika ta’lim markazi direktori I.I.Zokirov mavzuni davom ettirib, bu hamkorlik samarali kechayotgani, ayniqsa tashkilotning o‘quv adabiyotlarni yaratish va ekspertizadan o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirokini ta’kidlab, o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
  Seminar doirasida siyosiy fanlar doktori, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazning sektor mudiri V.H.Qo‘chqorov “Mafkuraviy tahdidlarning o‘quvchi-yoshlar ongi va tafakkuriga ta’siri” mavzusida, Toshkent shahar XTXQTMOI prorektori N.N.Narziyev “O‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid fanlarning o‘qitilish masalalari” mavzusida, Respublika ta’lim markazining bo‘lim boshlig‘i N.Q.Ismatova “Umumta’lim maktablarida Prezident Islom Karimov asarlarining o‘qitilishi” mavzusida, Toshkent shahridagi 303-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi M.Y.Ahmedova “Umumta’lim fanlarida mustaqillik davriga oid ma’lumotlarning singdirilganlik holati (“Davlat va huquq asoslari” fani misolida)” mavzusida ma’ruza qilishdi.
    Shu ma’noda ma’ruzachilar O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilish darajasini yaxshilash yuzasidan o‘z takliflarini berishdi. Bu borada s.f.d. V.Qo‘chqorov o‘z ma’ruzasida “oila-maktab-mahalla” hamkorligida ilmiy jamoatchilikning ishtiroki hamda darslarda, tarbiyaviy ishlarda pedagoglar hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini yaqqol ko‘rsatib berishini ta’kidlab o‘tdi. Ma’ruzachi N.Narziyev Ziyonet.uz ta’lim portalida O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid alohida blok tashkil etish taklifini kiritdi. Ma’ruzachi N.Ismatova mazkur tadbir tarixchi-pedagoglar uchun mahorat maktabi sifatida tashkil etilayotganini bildirib, seminarni muntazam o‘tkazib borish yuzasidan fikrni o‘rtaga tashladi. Seminar hay’ati taklifni qo‘llab-quvvatlab, butun tarixchi-pedagoglarni qamrash maqsadida bunday tadbirlarni tumanlar kesimida tashkil etishga kelishib oldi. 
     Seminar tarixchi-pedagoglar bilan ochiq muloqot tarzida davom etib, bevosita yosh avlodni tarbiyalayotgan mutaxassislar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, pedagoglar mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda eng yangi tarix, umuman, O‘zbekiston tarixi, buyuk shaxsiyatlar haqida hujjatli filmlar yaratish, tarixga oid adabiyotlar ekspertizadan o‘tkazilgandagina chop etilishini belgilash, tarix to‘garaklari ishini jonlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surishdi.
     Hay’at turli tizimda faoliyat olib borayotgan uchta markaz birlashgan holda tashkil etgan seminar samarali o‘tgani va uni umumta’lim muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishi yangi bosqichga ko‘tarilishida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, anjuman yakunida tavsiya va takliflar ishlab chiqdi.