“O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida “O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusida respublika amaliy seminari

   2015-yilning 3-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi bilan hamkorlikda “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishining dolzarb masalalari” mavzusida amaliy seminarni o‘tkazdi. Seminarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari, Toshkent shahridagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida faoliyat olib borayotgan tarix fani o‘qituvchilari qatnashdi.

  Mazkur seminar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixini yuqori saviyada o‘qitish masalalarini muhokama qilish va takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Globallashuv sharoitida mafkuraviy immunitetni shakllantirishda tarix va moddiy-ma’naviy merosning, umumbashariy va milliy qadriyatlarning, milliy o‘zlikni anglashning muhim ahamiyatga ega ekanligi seminarning dolzarbligini belgilaydi.

   Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari A.A.Mavrulov seminar ochilishida Prezident Islom Karimovni “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab, mustaqillikning qadr-qimmatini anglab yetish va uni o‘quvchi yoshlar ongiga singdirish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

   O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori Z.A.Saidboboyev o‘z so‘zida Markaz faoliyati faqatgina o‘quv adabiyotlarni ekspertizadan o‘tkazish bilan cheklanib qolmasdan yangilarini yaratish ishlarini ham muvofiqlashtirishini ta’kidlab, fikrning amaliy isboti sifatida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan Koreya ta’lim markazi bilan hamkorlikda “O’zbekiston tarixi. Mustaqillik davri” multimedia o‘quv qo‘llanmasining birinchi va ikkinchi disklari tayyorlangani haqida axborot berdi.

  O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Axborot metodik xizmati bo‘lim boshlig‘i Sh.X.Usanov O‘zbekistonning eng yangi tarixi aynan ta’limning shu bosqichida o‘qitilishini ta’kidlab, sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi.     

   Shundan so‘ng Koreya ta’lim markazi direktori Kim Bom Su, ushbu markazning bo‘lim boshlig‘i T.G.Ten O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz (muallif A.T.Zamonov) bilan hamkorlikda tayyorlagan “O’zbekiston tarixi. Mustaqillik davri” multimedia o‘quv qo‘llanmasini birinchi va ikkinchi disklarining taqdimotini o‘tkazishdi. Taqdimot davomida multimedia o‘quv qo‘llanmasining afzalliklari pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda ko‘rsatib berildi.            Seminar doirasida Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bosh mutaxassisi I.I.Daminov “O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘qitishda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik masalalarining yoritilishi” mavzusida, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz bosh mutaxassisi, siyosiy fanlar nomzodi T.M.Tursunmuratov “O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘qitishda tashqi siyosat va xavfsizlik masalalarining yoritilishi” mavzusida, Toshkent shahar Sergeli politexnika kasb-hunar kollejining ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, kasb-hunar ta’limi a’lochisi F.A.Sindarova “Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘qitish metodikasi” mavzusida, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti Psixologiya va ma’naviyat kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi D.N.Mo‘minov “O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘qitishda ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari” mavzusida ma’ruza qilishdi. 

  Chiqishlarda O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilish darajasi va uni yaxshilash yuzasidan takliflar ilgari surildi. Bu borada s.f.n. T.Tursunmuratov tarix fani keng qamrovli ekanligidan kelib chiqib, jumladan iqtisodni iqtisodchidan kam bo‘lmagan holda bilish zarurligini hamda tarix dinamik tarzda boyib borishini qayd qilib, o‘qituvchilar hozirgi globallashuv sharoitida manbalar bilan ishlay olish, turli talqinlardagi materiallarni saralay olish malakasiga ega bo‘lish zarurligini ta’kidladi. Ma’ruzachi F.Sindarova amaldagi darsliklarning holati haqida tahliliy ma’lumot berib, kitob nashr qilingan vaqtdan keyingi davrni yoritish masalasini qayd etdi. Shuningdek, u “O‘zbekistonning eng yangi tarixi”ni o‘qitish metodikasiga keng to‘xtalar ekan, mustaqillik davriga ajratilgan soatlar yetarli emasligini ta’kidladi. Ushbu mulohaza seminar qatnashchilari tomonidan ham bildirildi. 

   Seminar yakunida tarix fanlari nomzodi Sotimjon Xolboyev “o‘zbek modeli”ning mohiyati haqida chiqish qildi.

  Tadbir davomida tarixchi-pedagoglar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, darslik chop etilgandan keyingi yangilanish jarayonlari, hodisalar haqida davriy to‘plamlar nashr qilish, o‘qituvchilar uchun tajriba almashinuv yo‘nalishidagi doimiy seminarlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

   Hay’at turli tizimda faoliyat olib borayotgan uchta markaz birlashgan holda tashkil etgan seminar samarali o‘tgani va uni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi o‘qitilishi yangi bosqichga ko‘tarilishida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, anjuman yakunida tavsiya va takliflar ishlab chiqdi.