“Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy konferensiya

   7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovning 100- yilligiga bag‘ishlangan “Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida, shuningdek Fanlar akademiyasining O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi –metodik markaz ishtirokida tashkil etildi. Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti B.S. Yo‘ldoshev ochib, kirish nutqida respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqargan haqiqiy fidoyi inson – Sharof Rashidovning O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlab o‘tdi.
Konferensiyada akademiklar O. Salimov, A.Asqarov, B.Nazarov, I. Iskandarov va b. o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Shuningdek, rus yozuvchisi F.Razzoqov o‘z chiqishida bugungi O‘zbekistonda hukm surayotgan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik muhitiga Sharof Rashidov davrida asos solinganligi va u olib borgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lganligini alohida qayd etdi. Sharof Rashidov bilan uzoq yillar davomida faoliyat olib borgan Rossiya Fanlar Akademiyasi akademigi I.I.Kuzmin ham uning xalq manfaatlari yo‘lida fidokorona xizmat qilgan yetuk davlat arbobi ekanini e’tirof etdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi Muhammad Ali Sharof Rashidovning nafaqat davlat arbobi sifatidagi xizmatlari, balki uning ajoyib adib bo‘lganligi hamda “ Mening qahrim” (1957) nomli she’riy to‘plami, “G‘oliblar” romani, “Bo‘rondan kuchli” (1958), “Qudratli to‘lqin” (1964) romanlari, “Kashmir qo‘shig‘i” (1957), “Komde va Mo‘dan” (1959) lirik qissalari, “Koinot” (1960) “Dil amri” qissalari muallifi ekanligini ta’kidladi.
Sharof Rashidovning zamondoshlari va yaqinlari – akademiklar Ra’no Ubaydullayeva va Sayyora Rashidovalar o‘z chiqishlarida uning hayoti va u bilan bog‘liq xotiralar haqida so‘zlashdi.