Markaz rahbariyati

Markaz rahbariyati

Direktor – Raximov Mirzoxid Akramovich

Raximov Mirzoxid Akramovich  07.00.01 – «O’zbekiston tarixi» hamda   07.00.15 –  «Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi» ixtisosliklari bo’yicha «Markaziy Osiyoda mustahkamlikni va barqaror rivojlanishni ta’minlashda  O’zbekistonning xorij mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi» mavzusida 2000-yilda nomzodlik va 2012- yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Ilmiy qiziqishlari doirasi – O’zbekistonning  zamonaviy tarixi va  xalqaro munosabatlari, Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik muammolari. Uning tadqiqot natijalari O’zbekiston  hamda xorij mamlakatlarining o’quv  va ilmiy adabiyotlarida foydalanilib, aprobatsiyadan o’tgan. M.A.Raximov O’zbekiston, Germaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Italiya, Qozog’iston, Niderlandiya, Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda e’lon qilingan 150 dan ziyod nashr ishlari muallifidir.  Jumladan u 2 mualliflik monografiyasiga ega, 16 jamoaviy monografiyada (11 tasi xorijda chop qilingan) hammuallif hisoblanadi. M.A.Raximov «Markaziy Osiyoda mustahkamlikni va barqaror rivojlanishni ta’minlash kontekstida  O’zbekistonning xalqaro hamkorligi» (2012) va «O’zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarini dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan hamkorligi» (2016) nomli monografiyalar muallifidir. Bundan tashqari, uning muharrirligida 2015-yilda ingliz tilida «Markaziy Osiyo: masalalar,  muammolar va istiqbollar»  (Germaniya) va «Sharqiy va Markaziy Osiyoning tarixiy aloqalari» (Hindiston), 2018-yilda rus tilida «Markaziy Osiyoning eng yangi tarixi: nazariya va metodologiya muammolari» (Rossiya, Konrad Adenauer fondi bilan hamkorlikda) monografiyalari nashr etilgan. Shuningdek,  2015-yili M.A.Raximov Hindistonning «Himalayan and Central Asian studies»  jurnalini O’zbekistonga bag’ishlangan maxsus soniga bosh muharrirlik qilgan. 2018 yili uning muharrirligida «O’zbekistonning eng yangi tarixi» darsligi rus tilida nashr etildi.

2003–2018 yillar davomida M.A.Raximov Kembridj Universiteti, London Universitetining Sharq va Afrikani o’rganish Instituti (Buyuk Britaniya), Vashington, Jorjiya va Jon Xopkins Universitetlari (AQSh), Leyden Universiteti (Gollandiya), NATO kolleji (Italiya), Gissin, Belifild va Passau Universitetlari (Germaniya), Xokkaydo Universiteti (Yaponiya), J.Neru nomidagi hamda Mumbay Universitetlari (Hindiston), M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universiteti (Rossiya), The Centre d’Etude du monde russe, caucasien et centre-europen (CERCEC) CNRS-EHESS va boshqa muassalarda tadqiqot  safarlarida bo’lgan, ma’ruza tashriflarini amalga oshirgan.

M.A.Raximov Yevroosiyo tadqiqotlari bo’yicha Xalqaro assosiatsiyasi (CASC), Markaziy Osiyoni tadqiq etish  Yevropa jamiyati (ESCAS)  va boshqa uyushmalarning a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, u «Journal of Eurasian Studies»  (Parij, Boston va Londonda nashr etiladigan)  va  «Korean Journal of Central Asia and Caucasus studies» (Seul, Janubiy Koreyada chop etiladigan)  xalqaro ilmiy jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi.  U 50 dan ortiq xalqaro konferensiya, seminarlarda ingliz tilida chiqish qilgan.

 

Direktor o’rinbosari vazifasini bajaruvchi – Sagdullayev Kozimxon Kaxramonovich

Sagdullayev Kozimxon Kaxramonovich San’at nazariyasi va tarixi bo’yicha «Teatr va OAV kommunikativ tizim sifatida» mavzusida tadqiqot olib bormoqda.

Ilmiy qiziqishlari doirasi – O’zbekistonning zamonaviy badiiy madaniyati, san’at jurnalistikasi, media kommunikatsiyalari.  U «Teatr va ommaviy axborot vositalari kommunikativ tizim sifatida», «Teatr jurnalistikasi bugun: amaliyot va nazariya masalalari» (rus tilida) nomli 2  monografiya, O’zbekiston, Rossiya, Qozog’iston, Avstriya, Fransiya, Polsha, Chexiya, AQSh, Kanada mamlakatlarida chop etilgan 50 dan ortiq maqolalar hamda tezislar muallifi. U 2018 yili rus tilida nashr etilgan «O’zbekistonning eng yangi tarixi» darsligining mualliflaridan biri.

U xalqaro ilmiy konferensiyalarda, xususan, «UCAWE – 2012» (Bryansk, Rossiya) xalqaro simpoziumida, shuningdek, «Yangi avlod» (Moskva, 2015) xalqaro dasturida ishtirok etgan.